1530-yilda ajoyib musavvir Kamoliddin Behzod tomonidan yaratilgan “Ikki tuya” miniatyurasi fors miniatyurasi durdonalaridan biridir. Bu asar Tehrondagi Guliston saroyi kutubxonasida saqlanayotgan “Gulshan” to‘plamiga kiritilgan.
Musulmonlarning tasavvurlariga ko‘ra, tuya – bu boshqa hech qanday hayvonlarga o‘xshamagan, moʻjizaviy quvvat va chidamlilikka ega bo‘lgan, Allohning ajoyib maxluqi hisoblanadi. Islom nazmiy adabiyotlarida tuya go‘zallik, mehnatsevarlik va kamtarlik, tavba-tazarru, o‘z qadrini anglash ramzi hisoblanadi. Ehtimol, shuning uchun ham tuyalarning tasvirlari sharq miniatyuralarida tez-tez uchrasa kerak.
Behzod markazdagi, o‘z xo‘jayinlarining ko‘rsatmasi bilan itoatkorona tiz cho‘kayotgan tuyalarni kompozitsiyaning asosiy figurantlari sifatida tasvirlaydi. Voqea ajoyib o‘simliklar bilan qoplangan toshloq tepalik fonida sodir bo‘ladi; chiroyli manzara hamda undagi odamlar va hayvonlar kishida turli xil tasavvurlarni uyg‘otadi. Bu ayniqsa olamning murakkabligi, uning ajoyib ratsionalligi haqidagi yozuv fonida yaqqol ko‘rinadi. Shunisi ajablanarliki, Behzod shunday keksa yoshda ham aniq simmetrik kompozitsiyani yaratib, qatʼiyatli yo‘nalishi va oqilona fikrlarini davom ettira olgan.
Rassomning ushbu so‘nggi asariga chuqur falsafiy mazmun singdirilgan. Behzod, go‘yoki ushbu go‘zal va mehnatsevar hayvon timsolida o‘zini tasavvur qiladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.